Mamlakatimizda kibersport rivojini yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov yurtimizda elektron sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha Osiyo elektron sport federatsiyasi (AESF) vitse-prezidenti Azat Muradov bilan uchrashdi. Unda Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, AESF bosh direktorining o‘rinbosari Lin Kyu, marketing menejeri Kayyu Li ham ishtirok etishdi.
Adham Ilhamovich uchrashuvda mehmonga Vazirlik faoliyati, davlatimiz rahbari tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlar orasida sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yaqinda qabul qilingan “Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident qarori haqida ma’lumot berdi. O‘z navbatida, Azat Muradov O‘zbekistonda elektron sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu borada bir qator yutuqlarga erishilganini aytib o‘tdi.
Qayd etish joiz, elektron sport bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi ham shakllantirilgan bo‘lib, jamoa bir qator nufuzli musobaqalarda, jumladan, yaqinda Indoneziyaning Bali shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida ishtirok etdi. Kibersport Xanchjou-2022 XIX Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan bo‘lib, hamyurtlarimiz ushbu musobaqaga katta tayyorgarlik olib borishmoqda.
Suhbat davomida tomonlar mamlakatmizda mazkur yo‘nalish rivojini yangi bosqichga olib chiqish, yurtimizda xalqaro musobaqalarni o‘tkazish, sportchilarimizning tajribasini oshirishi uchun kuchli jamoalar bilan hamkorlikda o‘yinlar tashkil etish kabi masalalar bo‘yicha fikr almashishdi.