12 Dekabr 2022 993

RSTIAMning 2022-yil yakunlariga bagʻishlangan hisoboti oʻtkazildi

Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (RSTIAM) 2022-yil yakunlariga bagʻishlangan hisobot oʻtkazdi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Markaz direktori Kamol Sirojitdinov, shuningdek, tashkilot xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida farmakologiya, davolash ishlari, ilmiy-metodika, moliya sohalari boʻyicha boʻlim rahbarlari yakunlanayotgan yilda oʻz yoʻnalishlarida qilingan ishlar boʻyicha batafsil maʼlumot berishdi. Unga koʻra, Markaz shifokorlari yil davomida xorijda oʻtgan nufuzli kompleks musobaqalar, mamlakatimizda oʻtkazilgan yirik chempionatlarda terma jamoalarimizga sifatli tibbiy yordam koʻrsatib kelgan. Shuningdek, RSTIAM tomonidan hamyurtlarimizga ham koʻp turdagi xizmatlar amalga oshirilmoqda.

Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, Markaz kelasi yil Respublikamizning 4 ta hududida filialini ochishni moʻljallagan. Bu borada joriy yil Kamol Sirojitdinov boshchiligidagi ishchi guruh barcha viloyatlardagi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida boʻlib, u yerlardagi tibbiy xizmatga boʻlgan ehtiyoj, hududlarning bu boradagi imkoniyatlarini oʻrganib chiqqan. Shuningdek, 2023-yil Sogʻliqni saqlash sifati boʻyicha akkreditatsiya markazidan tegishli sertifikatni olish ham ushbu tashkilotning rejalaridan oʻrin olgan.

Yigʻilish yakunida Oybek Kasimov Markaz faoliyati haqida ijobiy xulosa bildirib, sportchilarimizning ulkan yutuqlarga erishishlarida shifokorlarning alohida oʻrni borligini eʼtirof etdi. Oʻz oʻrnida, ish faoliyatini yanada samarali yoʻlga qoʻyish, Markazdagi zamonaviy texnologiyalarning imkoniyatlaridan maksimal foydalanish boʻyicha tegishli koʻrsatmalarini berdi.

Text to speech