11 Dekabr 2022 997

Dzyudochilarimiz yilni yuqori notada yakunlashga hozirlanishmoqda

20-22-dekabr kunlari Isroilning Quddus (Ierusalim) shahrida dzyudo boʻyicha Masters turniri boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi unda ishtirok etadigan tarkibimizni eʼlon qildi. Ung koʻra, dzyudo olamidagi yilning yakuniy turnirida 17 nafar sportchi yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Masters nufuzi jihatidan jahon chempionatidan keyingi pogʻonada turuvchi musobaqa hisoblanadi. Unda jahon reytingida 36 talikdan joy olgan sportchilargina ishtirok etishi mumkin. Turnirda oʻz vazn toifasida gʻolib boʻlgan sportchi hisobini jahon reytingi uchun 1800, Parij-2024 Olimpiadasi yoʻlida esa 900 ochkoga boyitib oladi.

Ilias Iliadis boshchiligidagi jamoa ayni paytda Tokioda xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinida boʻlib turibdi. Hamyurtlarimiz 16-dekabr kuni Yaponiyadan Isroilga yoʻl olishadi. Tarkib bilan tanishing:

Erkaklar: Dilshodbek Baratov (-60 kg); Sardor Nurillayev va Muhriddin Tilovov (-66 kg); Shahram Ahadov, Obidxon Noʻmonov, Murodjon Yoʻldoshev va Hikmatilloh Toʻrayev (-73 kg); Sharofiddin Boltaboyev (-81 kg); Davlat Bobonov (-90 kg); Muzaffarbek Toʻraboyev hamda Otabek Toʻraboyev (-100 kg); Alisher Yusupov va Shohruh Baxtiyorov (+100 kg).

Ayollar: Sida Qadamboyeva va Diyora Keldiyorova (-52 kg); Gulnoza Matniyazova va Shohista Nazarova (-70 kg).

Text to speech