Toʻlqin Qilichev: “Bahodir Jalolov – terminator!”
Ertaga Toshkentda boks boʻyicha kattalar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionati start oladi. 14-dekabrga qadar davom etadigan musobaqada yurtimizning eng kuchli charm qoʻlqop ustalari gʻoliblik uchun kurash olib borishadi. Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida mazkur chempionatga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari va terma jamoa murabbiylar shtabi musobaqadan nimalar kutilayotgani, chempionatda qatnashadigan taniqli sportchilar, yangi yilga qoʻyilgan rejalar xususida gapirib oʻtishdi.
Anjumanni Oʻzbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev olib bordi. Shuningdek, erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi Toʻlqin Qilichev hamda murabbiy Xuan Enrike, ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Elshod Rasulov, katta boks oilasi va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Dastavval federatsiya bosh kotibi musobaqa haqida atroflicha maʼlumot berdi. Unga koʻra, bu yil ham janglarni baholashdagi shaffoflikni taʼminlash maqsadida xorijdan tashrif buyuradigan 10 nafar 3 yulduzli IBA hakamlari ishlashadi. Bahslar 2 ringda oʻtkazilib, “UzReport TV” va YouTube ijtimoiy tarmogʻidagi “Tigers” sahifasida jonli efirga uzatiladi.
Oʻz navbatida Toʻlqin Qilichev musobaqada ishtirok etadigan yulduz bokschilar haqida toʻxtaldi. Uning maʼlum qilishicha, Hasanboy Doʻsmatov, Bahodir Jalolov, Miraziz Mirzahalilov kabi nomdor bokschilar ham chempionatda qatnashishadi. Madiyar Saidrahimov, Abdumalik Xalakov, Ruslan Abdullayev jarohati sabab unda ishtirok eta olishmaydi.
“Jalolov Abu-Dabida IBA tomonidan oʻtkaziladigan musobaqada (11-dekabr) jang qiladi. Shuningdek, Oʻzbekiston chempionatida ham qatnashadi. Bahodir – terminator! Buning ortida mamlakatimiz shaʼni, manfaati turibdi”, – dedi T.Qilichev.
Shuningdek, Xuan Enrike hamda Elshod Rasulov ham oʻz fikrlarini bildirib oʻtishdi. Xususan, kubalik mutaxassis bu musobaqa kelasi yil Toshkentda oʻtadigan jahon chempionatiga terma jamoa tarkibini saralab olish yoʻlida juda muhim ekanini taʼkidladi.
Anjuman davomida OAV vakillari hakamlik, yangi yildagi rejalar va boshqa yoʻnalishlardagi oʻzlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi.