MOQ mutasaddilari “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishdi
Joriy yil Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 30 yil toʻladi. Shu munosabat bilan davlatimiz tomonidan oʻz sohalarida mamlakatimiz rivoji yoʻlida ulkan hissa qoʻshgan bir qator hamyurtlarimizning mehnatini eʼtirof etish uchun “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” koʻkrak nishoni taʼsis etildi. Bugun Turizm va madaniy meros vazirligida bir guruh yurtdoshlarimiz ushbu koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishdi.
Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov olib bordi. Unda, shuningdek, sport, sanʼat, madaniyat, tibbiyot, jurnalistika sohasi vakillari ham ishtirok etishdi. Aziz Abduqahhorovich oʻz nutqida barchani Bosh qomusimizning 30 yilligi bilan muborakbod etib, vatanimiz rivoji yoʻlidagi faoliyatida omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Shundan soʻng roʻyxat boʻyicha soha fidoyilariga koʻkrak nishonlari topshirildi. Ahamiyatlisi, unda Milliy Olimpiya qoʻmitasi vakillarining ham xizmati eʼtirof etilib, Bosh kotib Oybek Kasimov va Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Azizjon Kamilov hamda Sherzod Tashmatov “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, soha vakillaridan Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosarlari Shahrullo Mahmudov hamda Abdulla Aslonov, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayevga ham mazkur koʻkrak nishoni topshirildi.