Mutasaddilar Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko’rayotgan karatechilarimizning yig’inida
16-20 dekabr kunlari Toshkentda karatening WKF yo‘nalishi bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda barcha yosh toifasidagi terma jamoalar poytaxtimizdagi dzyudo markazida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etishmoqda. Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Ravshan Irmatov va Azizjon Kamilov, O‘zbekiston karate WKF federatsiyasi raisi Rashid Talipov tayyorgarlik jarayonini ko‘zdan kechirish uchun ushbu bazaga tashrif buyurishdi.
Mutasaddilar barcha murabbiy va sportchilar bilan uchrashib, ularning ahvoli, kayfiyati, tayyorgarlik jarayoni haqida yaqindan suhbatlashishdi. Samimiy va ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda sportchilarimizga omad tilab, bo‘lajak bahslarda har bir g‘alaba uchun bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishlarini so‘rashdi.
Ayni paytda 50 nafardan ortiq sportchi, 8 nafar kumite va 2 nafar kata murabbiylari ushbu yig‘inda jam bo‘lishgan. Mashg‘ulotlar 2-dekabrda boshlangan bo‘lib, 15-dekabrga qadar davom etadi.