Matonatli amputant futbolchilarimizga Prezident sovgʻalari topshirildi
Bugun Milliy Paralimpiya qoʻmitasida amputant futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston terma jamoasini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Odil Abduraxmanov, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, futbol boʻyicha Oʻzbekiston amutantlar terma jamoasi vakillari ishtirok etishdi.
Taqdirlash marosimi avvalida Adham Ikramov Prezidentimiz aholining turli qatlamlari, xususan, imkoniyati cheklangan vatandoshlarimizga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligini bu yilgi Xalqaro nogironlar kunining oʻzgacha qarshi olinayotganidan koʻrish mumkinligini taʼkidladi.
Rasmiylar terma jamoaning qoʻlga kiritgan muvaffaqiyati bilan yana bir bor qutlab, ulardan kelgusida ham ulkan gʻalabalar kutib qolishlarini bildirishdi. Shuningdek, amputant futbolchilarimizning bunday ragʻbatlantirilishi imkoniyati cheklangan boshqa hamyurtlarimizning sport bilan shugʻullanishlari uchun katta motivatsiya boʻlishini alohida taʼkidlashdi.
Shundan soʻng tadbirning eng kulminatsion nuqtasiga oʻtildi. Unda qahramon sportchilarimizga Prezident sovgʻasi – “Cobalt” mashinalari tantanali ravishda topshirildi.
Shubhasiz, bunday eʼtibordan amputant futbolchilarimizning quvonchi cheksiz. Ular davlatimiz rahbariga koʻrsatilgan ushbu gʻamxoʻrlik uchun minnatdorchilik bildirib, kelgusida ham ulkan gʻalabalarni qoʻlga kiritishga vaʼda berishdi.