1 Dekabr 2022 2839

Parij-2024 Olimpiadasiga chipta xarid qilmoqchimisiz? Fursatni boy bermang!

Bugun 2024-yil sport olamida roʻy beradigan eng muhim voqelik – Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga chiptalar sotuvi uchun dastlabki jarayon boshlanadi. Tashkiliy qoʻmita shartlariga koʻra, chiptalarni xarid qilish paketbay yoki donabay shaklda onlayn tarzda 3 bosqichda amalga oshiriladi. Ushbu maqolada muxlislar boʻlajak Olimpiadaga chiptalarni qanday sotib olishlari mumkinligi haqida toʻxtalib oʻtamiz:

Chiptalarni qanday xarid qilish mumkin?

Har bir davlatning (Xalqaro Olimpiya qoʻmitasiga aʼzo boʻlgan) keng jamoatchilik vakillari oʻz joylaridan turib tashkiliy qoʻmita sayti orqali chiptalarni xarid qilishlari mumkin. Tashkiliy qoʻmita chiptalarni sotish boʻyicha ishlab chiqqan strategiyaga koʻra, muxlislar xaridni onlayn navbat orqali qurʼa yoʻli bilan amalga oshirishlari mumkin.

Bu qanday amalga oshiriladi?

Bugundan tashkiliy qoʻmitaning chiptalar sotuvi uchun ishlab chiqqan platformasi ish boshladi. Chiptalarni paketbay koʻrinishda sotib olish istagida boʻlgan muxlislar quyidagi 3 bosqichdan oʻtishlari lozim boʻladi:

1. 2022-yilning 1-dekabridan to 2023-yilning 31-yanvar kuniga qadar https://tickets.paris2024.org/ sayti orqali roʻyxatdan oʻtish;

2. 2023-yilning 31-yanvar sanasida roʻyxatdan oʻtish yakunlanadi va ariza tashlaganlarning toʻliq tarkibi shakllantiriladi;

3. 2023-yilning 15-fevral kuni roʻyxatga olingan barcha ishtirokchilar uchun qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtadi. “Make Your Games” (“Oʻz Oʻyiningni yarat”) shiori ostida tashkil etiladigan qurʼa gʻoliblarining elektron pochtasiga bu haqida xat keladi. Gʻoliblar uchun chiptalar sotuvi boshlanadi. Bunda yana bir muhim shart borki, qurʼada tanlangan ishtirokchilar 48 soat ichida elektron pochtalariga yuboriladigan havolaga kirib, xat qabul qilinganini tasdiqlashlari lozim. Bu musobaqaga paketbay tarzida chipta olishni istaganlar uchun mexanizm. Donabay chipta xarid qiladigan muxlislar uchun jarayon quyidagi tartibda oʻtadi:

1. 2023-yilning 1-mart kunidan aprel oyining oxiriga qadar qurʼa uchun roʻyxatdan oʻtish;

2. 2023-yilning may oyi boshida: qurʼa ishtirokchilarini roʻyxatga olish;

3. 2023-yilning may oyi davomida: donabay chiptalar xaridi.

Paketbay tarzida oʻynaladigan chiptalar narxi 72, donabaylari esa 24 yevrodan boshlanadi. Batafsil maʼlumlotni https://tickets.paris2024.org/ sayti orqali olishingiz mumkin.

Text to speech