1 Dekabr 2022 1289

Yosh sportchilarni tayyorlashda yangicha metodika

Ayni paytda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov Fargʻona viloyatida xizmat safarida boʻlib turgani haqida maʼlum qilgan edik. Sherzod Rixsiboyevich tashrif davomida viloyatdagi baʼzi sport obyektlarini koʻzdan kechirib, federatsiyalarning viloyatdagi boʻlim rahbarlariya, BOʻSM va IBOʻSM mutasaddilari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Dastavval MOQ raisi oʻrinbosari jamoaviy sport turlari va tennisga ixtisoslashgan maktablar faoliyatini oʻrgandi. Mashgʻulotlar jarayoni va oʻquvchilarning kunlik jadvallari bilan tanishdi. Shundan soʻng viloyatdagi soha mutasaddilari bilan dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda yosh sportchilarni muhim musobaqalarga tayyorlash, mashgʻulotlar sifatini yaxshilash boʻyicha fikrlar almashildi. Ahamiyatli tomoni, endilikda viloyatdagi BOʻSM va IBOʻSM rahbarlariga yoʻnalishlari boʻyicha sport turlari biriktiriladi. Ular hududdagi mazkur sport turlarining rivojlanishini bevosita nazorat qilib borishadi. Mavjud muammo va kamchiliklarni oʻrganib, ularning yechimi boʻyicha Vazirlik va boshqa tegishli tashkilotlarga takliflar kiritib boradilar. Bu esa oʻz navbatida, yuzaga keladigan kamchilik va muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish, sportchilarning munosib tayyorgarlik koʻrishi uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish imkonini beradi.

Suhbat davomida ushbu yangicha tizimni izchil yoʻlga qoʻyish va uni takomillashtirish boʻyicha atroflicha fikr almashildi.

Text to speech