30 Noyabr 2022 1459

“Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun quriladigan ob’ektlari sportimiz rivoji uchun xizmat qiladi

Bir necha kun avval Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun quriladigan Olimpiya shaharchasiga tamal toshini qo‘ydi. Loyiha amalga oshirilgach, 100 gektarli maydonda zamonaviy sport inshootlari qad rostlaydi. Shu o‘rinda, mazkur ob’ektlardan samarali foydalanish masalasi kun tartibidan o‘rin olmoqda. Bugun Sportni rivojlantirish vazirligida ushbu mavzuga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Uni Vazir Adham Ikramov olib bordi. Shuningdek, tadbirda Qurilish vazirining o‘rinbosari Shukrullobek Jahongirov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Respublika oliy sport mahorati maktabi rahbarlari, O‘zDJTSU va bir qator tashkilot mutasaddilari ishtirok etishdi. 

Oybek Kasimov yig‘ilish davomida har bir ob’ektning qurilishi, musobaqadan so‘ng ulardan qaysi federatsiya va sport maktablari joy olishi rejalashtirilgani haqida batafsil ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, 17 000 metr kvadratni tashkil etadigan ma’muriy binodan Sportni rivojlantirish vazirligi, Kurash instituti, Paralimpiya instituti, Sport akademiyasi, Ilmiy-tadqiqot instituti, Antidoping agentligi, Binolardan foydalanish direksiyasi, Majlislar zali, Konferens zal, Muzey, Katta ma’ruza zali joy olishi rejalashtirilgan. Bino eng so‘nggi innovatsion texnologiyalar bilan jihozlanadi. Shuningdek, ta’lim oladigan tinglovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida o‘quv xonalaridan tashqari katta o‘rinli ma’ruza zalining barpo etilishi uning ahamiyatli jihatlaridan biri bo‘ladi.

Sportni rivojlantirish vaziri yig‘ilish davomida shaharchaning har bir hududidan unumli foydalanish kerakligi, u o‘zbek sportining rivoji uchun xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi. Suhbat davomida Olimpiya shaharchasidan joy oladigan federatsiyalarning faoliyatini Sport akademiyasi, Ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa tashkilotlar bilan muvofiqlashtirish kabi mavzular ham ko‘rib chiqildi. 

Adham Ikramov tashkilotlarning joylashuvini chet el tajribasini o‘rgangan holda amalga oshirish lozimligini alohida ta’kidladi. Yig‘ilish yakunida har bir tashkilot mas’ullariga muntazam ravishda qurilish maydoniga tashrif buyurib, jarayonni yaqindan ko‘zdan kechirib borish bo‘yicha topshiriq berdi.

Text to speech