Farg‘onadagi sport muassasalari faoliyati mutasaddilar nigohida
MOQ raisi o‘rinbosari, mamlakat taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov ayni paytda Farg‘ona viloyatida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Mutaxassis tashrif davomida viloyatdagi sport ta’limi muassasalari faoliyatini yaqindan o‘rganmoqda.
Jumladan, u bugun Farg‘ona Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, shuniningdek, bir qator BO‘SM hamda IBO‘SMlarda bo‘ldi. Sherzod Rixsiboyevich viloyat sport boshqarmasi mutasaddilari bilan joylarni ko‘zdan kechirar ekan, yosh sportchilar uchun yaratilgan sharoitlarga alohida ahamiyat qaratdi. Asosiy mashg‘ulotlardan tashqari ularning ta’lim olishi, maroqli hordiq chiqarishi zarur ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, tibbiyot bo‘limi va oshxonada ham bo‘lib, yosh sportchilarning ovqatlanish ratsioni bilan tanishdi. MOQ raisi o‘rinbosari kelajakda yosh atletlarimizning qayd etadigan natijalari ularning to‘g‘ri va sifatli ovqatlanishi, ko‘rsatiladigan yuqori darajadagi tibbiy xizmatga ham bog‘liqligini eslatib o‘tdi.
Sherzod Tashmatov tashrif davomida mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.