25 Noyabr 2022 1183

Saken Polatov finallar oldidan yosh bokschilarimizga omad tiladi

Shu kunlarda Ispaniyaning La Nusiya shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazilmoqda. Final janglari oldidan kecha dam olish kuni bo‘ldi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston boks federatsiyasi rahbariyati tomonidan terma jamoa a’zolari uchun o‘ziga xos sayr tashkil etildi. Bokschi va murabbiylarimiz shaharning diqqatga sazovor joylarida bo‘lishdi. Birgalikda tushlik qilindi. Ushbu sayrdan so‘ng terma jamoamiz a’zolarining kayfiyati yanada ko‘tarildi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov yosh bokschilarimiz bilan suhbatlashar ekan, hukumatimiz, xususan, shaxsan Prezidentimiz tomonidan boksni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani, ushbu sharoitlarga javoban atletlarimiz o‘zlarining munosib g‘alabalari bilan sportimiz rivojiga hissa qo‘shishlari lozimligini ta’kidladi.

Darhaqiqat, muhim bahslar oldidan bunday tashabbus yoshlarimiz kayfiyatiga ijobiy ta’sir etishi aniq. Federatsiya mutasaddilari shuni inobatga olgan holda, ertaga chempionlik uchun jang olib boradigan 8 nafar bokschimizga barcha sharoitlarni yaratib bermoqda.

Text to speech