25 Noyabr 2022 1595

Adham Ikramov Xalqaro kurash assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti etib saylandi

Hindistonning Puna shahrida kurash boʻyicha jahon chempionatidan avval Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA)ning Kongressi oʻtkazilgani haqida maʼlum qilgan edik. Dunyoning 70 mamlakatidan tashrif buyurgan milliy federatsiyalar ishtirokidagi tadbirda 20 ga yaqin masala koʻrib chiqildi.

Ular orasida IKA rahbariyati tarkibi qayta shakllantirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov tashkilotning birinchi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi. Adham Ilhamovich oʻz nutqida bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirib, masʼuliyatli vazifani ado etish, xususan, kurash sportining jahondagi mavqeyini yanada mustahkamlash, uning Olimpiya oʻyinlari dasturiga kirishdek bosh maqsadni amalga oshirish, kurashning butun dunyodagi ommaviyligini kuchaytirish yoʻlida bor kuchini safarbar qilishini bildirdi.

Kongressni IKA Prezidenti, Osiyo Olimpiya Kengashi Osiyo oʻyinlari Bosh direktori Haydar Farmon boshqarib bordi. Unda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov ham ishtirok etdi.

Sportni rivojlantirish vaziri oʻz nutqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan milliy sportimizni yanada taraqqiy ettirish uchun katta ahamiyat qaratilayotgani haqida alohida toʻxtaldi. Qolaversa, mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Besh tashabbus Olimpiadasi” ommaviy sport musobaqasi dasturiga kurashni ham kiritish orqali uni yurtimizda yanada keng targʻib qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

Shu tariqa, Adham Ikramov kurash vatani vakili sifatida uni dunyoda yanada rivojlantirish uchun Oʻzbekiston hukumati tomonidan bevosita qoʻllab-quvvatlash masalalariga masʼul boʻldi.

Kongress davomida har bir qitʼa kesimida kurash rivoji uchun qilingan ishlar muhokama qilinib, kelgusi davr uchun yangi reja va marralar belgilab olindi. Tadbir davomida 10 ta yangi milliy federatsiyalar: Jibuti, Misr, Qozogʻiston, Niderlandiya, Ummon, Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA, Shveysariya, Ekvador IKA tarkibiga qabul qilindi. Shuningdek, IKA mutasaddilari tashkilotning yangilangan veb-sayti bilan tanishtirib, unga kurashning tarixi, rivojlanish bosqichlari, qonun-qoidalari haqida yangi maʼlumotlar joylangani, ushbu sport haqida yanada koʻproq maʼlumotlar olish mumkinligi haqida taʼkidlashdi.

Jahon chempionati bellashuvlari 26-28-noyabr kunlari boʻlib oʻtadi. Unda Oʻzbekiston terma jamoasi 15 nafar sportchi bilan ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

Text to speech