24 Noyabr 2022 1743

Hindistonda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Hindistonning Puna shahrida kurash boʻyicha jahon chempionati start olmoqda. Musobaqa arafasida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA)ning Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishi oʻtkazildi.

Mazkur tadbirda ortda qolgan yil sarhisoblari qilinib, kelgusi yil rejalari koʻrib chiqildi. Ushbu anjumanda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi rahbariyati, Ijroiya qoʻmitasi aʼzolari qatorida Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Oʻzbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Dilshod Axatov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, IKAning oʻzbekistonlik vitse-prezidentlari Komil Roʻziyev (bir vaqtda Osiyo-Okeaniya kurash assotsiatsiyasi rahbari), Ziyovuddin Hojiniyozov, Sherzodxon Qudratxoʻja, shuningdek, Xalqaro kurash instituti rektori Habibullo Tojiyev, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi vakili Sardor Karimov ham ishtirok etishdi.

Mutasaddilar tashrif davomida Osiyo Olimpiya kengashining Osiyo oʻyinlari Bosh direktori, IKA prezidenti Haydar Farmon, Hindiston kurash federatsiyasi va musobaqa tashkiliy qoʻmitasi vakillari, shuningdek, baʼzi delegatsiya rahbarlari bilan uchrashib, kurashning xalqaro maydondagi mavqeyini oshirish, ushbu sport turini jahon boʻylab keng targʻib qilish kabi masalalarni muhokama qilishadi. Ayni paytda IKA Kongressi boʻlib oʻtmoqda. Yigʻilish tafsilotlari bilan kelgusi yangiliklarda batafsil xabar beramiz.

Text to speech