23 Noyabr 2022 1280

Oʻzbek taekvondosining “oltin avlod”i tantanali kutib olindi

14-20-noyabr kunlari Meksikada taekvondo WT boʻyicha navbatdagi jahon chempionati boʻlib oʻtdi. Unda mardonavor ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi. Qayd etish joiz, bu bilan jamoamiz bir dunyo birinchiligida medal jamgʻarish boʻyicha oʻz natijasini yangiladi. Bugun mana shunday yuksak natija qayd etgan oʻzbek taekvondosining yulduzlari Vatanimizga qaytib kelishdi.

Qahramonlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida katta tantana bilan kutib olindi. Tadbirda Shahrullo Mahmudov boshchiligidagi Sportni rivojlantirish vazirligi vakillari, MOQ xodimlari ishtirok etishdi. Mutasaddilar sportchilarimizni erishgan muvaffaqiyatlari bilan qutlashar ekan, ularga kelgusida Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilishlarini tilashdi.

Eslatib oʻtamiz, dunyo birinchiligida Svetlana Osipova (+73 kg) oltin, Niyaz Pulatov (-63 kg) kumush, Feruza Sodiqova (-62 kg) hamda Nikita Rafalovich (-87 kg) bronza medallariga sazovor boʻlishdi.

Text to speech