22 Noyabr 2022 1027

Dzyudo bo‘yicha mamlakat birinchiligida yangi chempionlarni kashf qilamiz

Ertaga “Universal” sport majmuasida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida navbatdagi O‘zbekiston chempionati start oladi. Unda Respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyuradigan polvonlar g‘oliblik uchun bahs olib borishadi. Kelgusi yil uchun terma jamoa tarkibini shakllantirib olishda muhim ahamiyat kasb etuvchi mazkur musobaqaga bo‘lgan qiziqish juda katta. Ushbu maqolada bir qator vazn toifalarida g‘oliblikka asosiy da’vogar bo‘lgan sportchilar haqida fikr yuritamiz. 

Ishtirokchilarning ro‘yxatida bu yilgi jahon chempionlari Davlat Bobonov hamda Muzaffarbek To‘raboyev yo‘q. Ochig‘i, bu kutilgan voqelik. To‘g‘risi-da, butun dunyoda ularni mag‘lub eta oladigan sportchi topilmagach, ichki chempionatda bunday qahramon chiqishi dargumon. Shuningdek, yetakchilardan Sharofiddin Boltaboyev ham chempionatda kurashmaydi. Ular yakka tartibda dekabr oyida o‘tadigan Tokio “Katta dubulg‘a” turniri hamda Isroilda o‘tadigan Masters musobaqasiga hozirlik ko‘rishmoqda. Oltin medallar uchun kurash quyidagi sportchilar orasida kechishi kutilmoqda: 

-60 kg: Dilshod Baratov (Surxondaryo), Kemran Nurillayev (Samarqand), Kamoliddin Baxtiyorov (Qashqadaryo), Mirzohid Mahammadjonov (Farg‘ona). 

-66 kg: Artyom Shturbabin va Muhriddin Tilovov (Toshkent viloyati), Behruz Amandavlatov (Surxondaryo), Sardor Nurillayev (Samarqand).

-73 kg: Murodjon Yo‘ldoshev (Toshkent shahri), Hikmatillo To‘rayev va Jaloliddin Boynazarov (Surxondaryo), Obidxon No‘’monov (Namangan), Shahram Ahadov (Buxoro). 

-81 kg: Muso Sobirov (Xorazm), Ramazon Allaberdiyev (Surxondaryo), Ma’ruf Hidirov (Qashqadaryo), G‘iyos Boboyev (Buxoro). 

+100 kg: Alisher Yusupov (Xorazm), Bekmurod Oltiboyev (Surxondaryo), Muhammadkarim Xurramov (Samarqand), Elyor Masharipov (Qoraqalpog‘iston).

-90 va -100 kg vazn toifalaridagi ichki raqobatda boshqa vazn toifalariga qaraganda taniqli sportchilar kam. Shu bois, unda yangi nomlarni o‘zimiz uchun kashf qilishimiz mumkin. Ammo boshqa vaznlarda shiddat va raqobat eng yuqori darajada bo‘lishiga shubha yo‘q. Musobaqada yuqorida nomlari tilga olinmagan dzyudochilarni shohsupada ko‘rish ehtimoli ham yo‘q emas. Shunday ekan, barcha dzyudo ixlosmandlarini “Universal” majmuasida o‘tadigan bahslarni tomosha qilishga taklif etamiz.

Text to speech