Sharofiddin Boltaboyev va Zaynab Dayibekovani tabriklaymiz!
Bugun Qoraqalpoq zaminidan yetishib chiqqan ikki ajoyib sportchilarimiz Sharofiddin Boltaboyev hamda Zaynab Dayidekova tavallud ayyomlarini nishonlashmoqda.
Sharofiddin Boltaboyev 1995-yil 19-noyabr kuni tugʻilgan. Dzyudochimiz faoliyati davomida Osiyo chempionatlarida ikki bor finalgacha yetib borgan. 2019-yil Toshkent Gran-prisi gʻolibi. 2021-yil Parij va Toshkent “Katta dubulgʻa” turnirlarining kumush medal sohibi, shuningdek, boshqa koʻplab nufuzli musobaqalar gʻolib va sovrindori hisoblanadi. -81 kg vazn toifasida Tokio Olimpiadasida yurtimiz sharafini himoya qilgan.
Zaynab Dayibekova 2002-yil dunyoga kelgan. U qilichbozlarimiz orasida ilk bor Jahon kubogida gʻalaba qozongan sportchimiz hisoblanadi. Dayibekova bu muvaffaqiyatga 2019-yil yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan musobaqada erishgan edi. Tokio-2020 Olimpiadasida kuchli sakkizlikka kirgan. Joriy yil BAAning Dubay shahrida oʻtgan yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida bronza medaliga sazovor boʻldi. Koʻrsatgan natijalari evaziga davlatimiz tomonidan “Shuhrat” va “Jasorat” medallari bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi har ikki sportchimizni tavallud ayyomlari bilan tabriklab, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik va ulkan gʻalabalar tilab qoladi.