18 Noyabr 2022 1413

“Amity” universitetining talabalari uchun ochiq eshiklar kuni tashkil etildi

Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida “Amity” universitetining (Hindiston) yurtimizdagi filialida tahsil olayotgan talabalar uchun ochiq eshiklar kuni tashkil qilindi. 18-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun munosabati bilan tashkil etilgan bu kabi tadbirlar yoshlarimizdagi vatanparvarlik ruhini oshirish, ularni sogʻlom turmush tarzi targʻibotiga jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Dastavval mehmonlarga Qoʻmita faoliyati va bino tarixi haqida gapirib berildi. Muzeyda esa yoshlarimizga Olimpiya oʻyinlarining paydo boʻlishi, oʻzbek sportining boy tarixi, atletlarimizning xalqaro maydonda qayd etayotgan yutuqlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Shundan keyin soʻnggi davrda jahon arenalarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan sportchilarimiz bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Suhbatda badiiy gimnastika boʻyicha Guanchjou-2010 Osiyo oʻyinlari va Osiyo chempionatining kumush medal sohibasi Zamirajon Sanoqulova, Qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi gʻolibi, jahon chempionati sovrindori Zaynab Dayibekova, boks boʻyicha kattalar oʻrtasida Osiyo chempioni Navbahor Hamidova, karatening WKF yoʻnalishi boʻyicha oʻzbekistonlik birinchi jahon chempioni, Butunjahon sport oʻyinlari sovrindori Doston Otabolayev ishtirok etishdi.

Samimiy va ochiq muloqot shaklida oʻtgan uchrashuvda atletlarimiz oʻz qiziqishlari, erishgan yutuqlari, inson salomatligida sportning tutgan oʻrni haqida gapirib, barchani sport bilan shugʻullanishga chorlashdi. Qizgʻin savol-javobga aylangan suhbatda atletlarimiz yosh talabalarga oʻzlarining kerakli tavsiyalarini berishdi.

Text to speech