Oilangiz va yaqinlaringiz uchun harakatda bo‘ling!
Bugun “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida imkoniyati cheklangan insonlar, xususan, sportchilar uchun ajoyib motivatsion seminar tashkil etildi. YuNESKOning Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasi doirasidagi mazkur tadbirda yuksak matonat egalari yanada ruhlanishdi. Treningni belaruslik para suzish bo‘yicha jahon va Olimpiada chempioni, motivator Aleksey Talay olib bordi.
Tadbirning ochilish qismida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari Azizjon Kamilov ishtirok etishdi. Unda so‘z olgan Adham Ikramov tadbir aholining imkoniyati cheklangan qatlami orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning salomatligini yanada mustahkamlash kabi Prezidentimiz ilgari surayotgan tashabbuslar ijrosi yo‘lida muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Treningda dastlab Aleksey Talay va uning hayoti haqida ma’lumot berildi. U 16 yoshida ko‘ngilsiz voqea sabab nogiron bo‘lib qoladi. Shundan so‘ng o‘zida kuchli iroda topib, barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tadi. Sport bilan astoydil shug‘ullanadi va hamma yutuqlarga erishadi. Shubhasiz, bunda yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Qahramon o‘z nutqida bunday muvaffaqiyatga erishishida ota-onasi va boshqa oila a’zolarining o‘rni balandligi, o‘ziga bo‘lgan ishonch, to‘g‘ri maqsad qo‘yish va turli qiyinchiliklarga qaramay unga intilishda davom etish zarurligini aytib o‘tdi.
Tadbir davomida paralimpiyachilarimiz o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ularga atroflicha javob olishdi.