15 Noyabr 2022 1794

Yirik musobaqalarga tayyorgarlik koʻrishda Xitoy asosiy hamkorlardan boʻladi

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligida Xitoy Xalq Respublikasining (XXR) sport sohasi mutasaddilari bilan onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Adham Ikramov boshchiligidagi Vazirlik mutasaddilari, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etdi. XXR Sport boʻyicha Davlat Bosh boshqarmasi direktori janob Gao Ji videokonferens orqali ulandi.

Suhbatda mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni sport sohasi orqali yanada mustahkamlash, oʻzaro tajriba almashish, yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik yoʻlida terma jamoalar ishtirokida yigʻinlar tashkil etish kabi yoʻnalishlar qatorida kelasi yil Xanchjou shahrida boʻlib oʻtadigan Osiyo oʻyinlarida delegatsiyamizning ishtirokiga oid masalalar muhokama qilindi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tamal toshini qoʻygan “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlarining Olimpiya shaharchasi va uning obyektlari Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi tomonidan quriladi. Suhbatda ushbu yirik tadbirga tayyorgarlik jarayonida Xitoy bilan hamkorlik qilish, sport inshootlarini shinam va zamonaviy, energiya tejamkor koʻrinishda barpo etish kabi ustuvor yoʻnalishlarga ahamiyat berildi.

Oʻz navbatida, Xitoy tomoni ham mamlakatimizning soʻnggi davrda barcha sohalar qatori sport boʻyicha ham ulkan yutuqlarga erishayotganini taʼkidlab, oʻzaro aloqalarni mustahkamlashdan mamnun ekanini bildirdi. Shuningdek, 5-noyabr kuni poytaxtimizda Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari targʻibotiga bagʻishlab tashkil etilgan “Fun Run” ommaviy yugurish musobaqasining yuqori darajada oʻtkazilgani uchun minnatdorchilik izhor qildi.

Uchrashuv davomida tomonlar kun tartibidagi masalalar boʻyicha atroflicha fikr almashib, oʻzaro hamkorlik yoʻnalishida bir qator istiqbolli kelishuvlarga erishishdi.

Text to speech