14 Noyabr 2022 1377

Mamlakatimiz sportining fidoyilaridan biri Erkin Giyazov 85 yoshda!

O‘zbek gimnastikasining faxriysi Erkin Giyazov 85 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan bugun sport faxriysini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Odil Abdurahmanov, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirining o‘rinbosari Abdulla Tursunov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov va yurtimiz sporti fidoyilari ishtirok etishdi.

Unda so‘z olgan rasmiylar Erkin Abbasovichning mamlakatimiz sporti, xususan, gimnastika rivoji uchun qo‘shgan hissalarini alohida e’tirof etib, ushbu yo‘lda qilgan xizmatlariga minnatdorchilik bildirishdi. O‘z navbatida, E.Giyazov ham davlatimiz tomonidan faxriylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun tashakkur bildirdi. Mutasaddilar o‘zbek gimnastikasining ushbu yorqin vakilini qutlug‘ yosh bilan muborakbod etib, esdalik sovg‘alarini taqdim qilishdi. Tadbir davomida Abdulla Tursunov Erkin Abbasovichni “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.

Ma’lumot uchun, Erkin Abbasovich Giyazov 1937 yil 14 noyabr kuni Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Gimnastika bo‘yicha Sport ustasi talabini bajargan birinchi o‘zbek atleti. Faoliyatini yakunlagach, 39 yil davomida yosh sportchilarga murabbiylik qilgan. 1-darajali “Mehnat faxriysi” va “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy” faxriy unvoni sohibi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi Erkin Giyazovni ushbu qutlug‘ yoshi bilan qutlab, unga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.

Text to speech