Sablyachi qizlarimiz Jahon kubogida sakkizlikdan joy olishdi
Qilichbozlik boʻyicha Jahon kubogining kattalar oʻrtasida navbatdagi bosqichi yakunlandi. Unda hamyurtlarimiz sablya va shpaga qurolida oʻtgan bahslarda ishtirok etishdi.
Qayd etish joiz, Jazoirda oʻtgan bellashuvlarda sablyachi qizlarimiz nisbatan yuqori natija koʻrsatishdi. Jamoaviy dasturda dastlab Bolgariya 45:43, soʻng AQSH termasi 45:41 hisoblarida magʻlubiyatga uchratildi. Chorak finalda koreyalik qilichbozlar 45:33 hisobida ustun kelishdi va jamoaviy musobaqani sakkizinchi pogʻonada yakunladik. Yakkalik bellashuvlarida esa Zaynab Dayibekova hamda Paola Pliyego dastlabki saralash bosqichidan oʻtib, 1/64 final bosqichida ishtiroklarini tugatishdi.
Erkaklar oʻrtasidagi shpaga bahslariga Shveysariyaning Bern shahri mezbonlik qildi. Jamoaviy dasturda birinchi bosqichdayoq Germaniya bilan duch kelgan yigitlarimiz 23-natijani qayd etishdi. Afsuski, yakkalik bahslari hamyurtlarimiz uchun omadsiz yakunlandi.