Osiyo chempionatining eng kuchli terma jamoasi kutib olindi
30-oktyabr - 12-noyabr kunlari Iordaniya poytaxti Amman shahrida boks boʻyicha kattalar oʻrtasida Osiyo chempionati oʻtkazildi. Unda ishtirok etgan Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi 5 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladi. Umumiy hisobda esa erkaklar va ayollar terma jamoamiz 6 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medallariga ega chiqdi. Bugun tunda mana shunday yuksak natija qayd etgan jamoamiz vatanimziga qaytib keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida muzaffar bokschilarimizni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov, Sportni rivojlantirish vazirining maslahatchisi Avaz Karimov kutib olishdi.
Mutasaddilar bokschilarimizni qoʻlga kiritgan muvaffaqiyatlari bilan qutlashar ekan, kelasi yil poytaxtimizda oʻtadigan jahon chempionati, shuningdek, Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilishlarini tilashdi.