13 Noyabr 2022 2063

“Yangi nafas” minglab sport ixlosmandlarini birlashtirdi

Maʼlum qilganimizdek, bugun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun munosabati bilan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtdi. “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shoiri ostida tashkil etilgan mazkur loyiha bir vaqtda Respublikamizning 15 ta shahrida oʻtkazildi. Poytaxtimizdagi “Humo arena” kompleksining oldida boʻlib oʻtgan tadbir koʻtarinki ruhda tashkil qilindi.

Poyganing tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi, Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov, Mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshligʻi, general-mayor Shuhrat Xalmuhamedov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi. Unda soʻz olgan rasmiylar Prezidentimiz tomonidan ommaviy sport va sogʻlom turmush tarzi targʻibotiga katta ahamiyat qaratilayotgani, buning natijasida muzaffar atletlarimiz xalqaro maydonda yurtimiz bayrogʻini koʻklarga koʻtarib kelishayotgani, bu kabi tadbirlar yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga katta hissa qoʻshishini taʼkidladilar.

Shundan soʻng yuzlab hamyurtlarimiz 3 km masofaga oʻtgan poyga startida saf tortishdi. Qayd etish joiz, unda imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz ham qatnashishdi. Murosasiz bahslar yakunida gʻolib va sovrindorlar roʻyxati quyidagicha koʻrinish oldi:

Erkaklar:
1. Shahram Abdurahmonov – 9:09.11
2. Sherzod Nadiyorov – 9:40.20
3. Sherbek Hayitov – 9:45.01

Ayollar:
1. Angelina Nasibullina 12:55.70
2. Diana Bektemirova – 13:02.11
3. Zarnigor Tuygʻunova – 13:22.01

Paralimpiya yoʻnalishi, erkaklar:
1. Sardor Arziqulov – 13:31.5
2. Vladimir Baranov – 15:04.8
3. Kamron Davronbekov – 15:12.8

Ayollar:
1. Mahliyoxon Yoqubjonova – 17:34.2
2. Angelina Kolesnikova – 20:26.7
3. Shahina Azimova – 23:34.8

Text to speech