Gʻulomjon Abdullayev va Aram Vardanyanni tabriklaymiz!
Bugun ikki mahoratli kurashchimiz Gʻulomjon Abdullayev va Aram Vardanyan tavallud ayyomlarini nishonlashmoqda.
Gʻulomjon Ozodovich Abdullayev 1998-yil 11-noyabr kuni Xorazm viloyatida tugʻilgan. Mahoratli erkin kurashchimiz xalqaro arenalardagi eng katta yutugʻini 2016-yil qoʻlga kiritgan. 18 yoshida U20 yosh toifasidagi jahon chempionatida ishtirok etib, bronza medaliga sazovor boʻlgan. Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida -57 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Konya-2021 Islom birdamligi oʻyinlari chempioni. Qayd etgan natijalari evaziga Prezidentimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Aram Vardanyan 1995-yil 11-noyabr kuni Yerevan shahrida tavallud topgan. Yunon-rum kurashi boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida jahon chempionatlari, qator xalqaro musobaqalar gʻolib va sovrindori, Osiyo chempionatining ikki karra bronza medali sohibi. 2019-yil Qozogʻistonning Nur-Sultan shahrida oʻtkazilgan jahon chempionatida -72 kilogramm vazn toifasida kumush medalini qoʻlga kiritgan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi har ikki kurashchimizni tavallud ayyomi bilan tabriklab, ularga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.