Dzyudo boʻyicha eng yosh Olimpiada chempioni Ilias Iliadisni tabriklaymiz!
Bugun dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, ushbu sport turida eng yosh Olimpiada chempioni boʻlgan Ilias Iliadis tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Ilias Iliadis 1986-yil 10-noyabrda Gruziyada tavallud topgan. Sportchilik faoliyatini Gretsiya jamoasi bilan bogʻlagan Iliadis Afina-2004 Olimpiya oʻyinlarida 17 yoshida chempionga aylandi. London-2012 Olimpiadasida esa bronza medalini qoʻlga kiritdi. Shuningdek, uning hisobida jahon chempionatlarining 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medallari mavjud. Iliadis 3 yildan beri Oʻzbekiston terma jamoasida murabbiylik qilmoqda va uning qoʻl ostida polvonlarimiz yangi marralarni zabt etishmoqda. Joriy yil mamlakatimizda birinchi bor oʻtkazilgan dzyudo boʻyicha kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatida jamoamizning 2 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida kuchli uchlikdan joy olishida ushbu mutaxassisning xizmati beqiyos.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Ilias Iliadisni tavallud kuni bilan tabriklab, unga uzoq umr va sihat-salomatlik tilaydi.