Haydar Farmon bilan kurash sportining istiqboliga oid rejalar muhokama qilindi
Ayni kunlarda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) prezidenti, Osiyo Olimpiya kengashining Osiyo oʻyinlari Bosh direktori Haydar Farmon Toshkentda boʻlib turibdi. Bugun Sportni rivojlantirish vazirligida martabali mehmon bilan uchrashuv oʻtkazilib, unda kurash sportining rivojiga oid masalalar muhokama qilindi. Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda Vazir Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, IKA Bosh kotibi Muhammad Rizo ishtirok etishdi.
Suhbatda IKA va mamlakatimiz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, murabbiylar va hakamlar malakasini oshirish uchun seminarlar tashkil etish, nufuzli musobaqalarni oʻtkazishda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha fikr almashildi.
Haydar Farmon kurashning xalqaro maydondagi rivojini yanada mustahkamlash, nufuzli kompleks musobaqalarga kurash sportini kiritish, xususan, joriy yilning 23-28-noyabr kunlari Hindistonning Puna shahrida oʻtkaziladigan jahon chempionatiga olib borilayotgan tayyorgarlik boʻyicha gapirib oʻtdi. Shuningdek, IKA prezidenti oʻzbek sporti mutasaddilarini musobaqaning faxriy mehmoni sifatida ishtirok etish uchun dunyo birinchiligiga taklif qildi.
Shuningdek, Adham Ikramov va Oybek Kasimov davlatimiz rahbari tomonidan kurash sportining jahondagi oʻrnini yanada mustahkamlash, uning istiqboliga oid yangi rejalar xususida toʻxtalib oʻtishdi. Uchrashuv davomida kun tartibidan oʻrin olgan turli masalalar boʻyicha atroflicha fikr almashildi.