7 Noyabr 2022 1438

“Yangi nafas” bilan safimizga qoʻshiling

Joriy yilning 13-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan Respublikamiz boʻylab “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtadi. “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shoiri ostida oʻtadigan sport bayrami bir vaqtda yurtimizning 15 ta shahrida tashkil etiladi. Bugun Sportni rivojlantirish vazirligida mazkur tadbirga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Unda Vazir Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston yengil atletikasi federatsiyasi raisi oʻrinbosari Andrey Abduvaliyev, tashkiliy qoʻmita aʼzolari, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Sportni rivojlantirish vaziri oʻz nutqida bu kabi ommaviy sport tadbirlari Prezidentimiz ilgari surayotgan sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirish, aholini sportga keng jalb etish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Oʻz navbatida, Oybek Kasimov “Yangi nafas” loyihasi bu kabi maqsadlarni amalga oshirishda muhim platforma ekanini qoʻshimcha qildi.

Tadbirda Andrey Abduvaliyev musobaqaga oid batafsil maʼlumot berdi. Unga koʻra, Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan musobaqalar “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, “Ashxobod” sayilgohi va “Humo arena” kompleksining maydonida oʻtkazilishi belgilangan.

Anjuman davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari tadbir haqida oʻzlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi.

Text to speech