7 Noyabr 2022 1093

Xalqaro mas-restling federatsiyasi prezidenti MOQ mehmoni boʻldi

Shu kunlarda Toshkentda mas-restling boʻyicha Osiyo chempionati boʻlib oʻtmoqda. Ushbu musobaqa doirasida Xalqaro mas-restling federatsiyasi prezidenti Aleksandr Akimov poytaxtimizda mehmon boʻlib turibdi. Oʻzbekiston MOQda ushbu mutaxassis bilan uchrashuv oʻtkazilib, mamlakatimizda mas-restling sportini yanada rivojlantirishga oid masalalar muhokama qilindi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, mamlakat mas-restling federatsiyasi raisi Odil Abduraxmanov, Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Oʻzbekiston mas-restling federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Dastavval, A.Akimov Osiyo chempionati doirasida xalqaro federatsiya Prezidiumi oʻtkazilib, unda mazkur sport turini mintaqamizda yanada rivojlantirish va ommalashtirishga oid tuzilgan yangi rejalar haqida gapirib berdi. Xalqaro federatsiya rahbari oʻzbekistonlik mas-restlingchilarning imoniyatiga yuqori baho berib, terma jamoamizga Osiyo chempionatida omad tiladi.

Shuningdek, Odil Abduraxmanov Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirish, aholini, ayniqsa, yoshlarni sportning barcha turlariga keng jalb qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida gapirib, iqtidorli yoshlarimiz mamlakatimiz tayanadigan katta kuch ekanini taʼkidladi. Oʻz navbatida, Shahrullo Mahmudov hamda Oybek Kasimov joriy yil Vladivostok shahrida oʻtgan Osiyo bolalari musobaqasida delegatsiyamizning umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritishida mas-restlingchilarimizning ham hissasi katta ekani, kelajakda ham ulardan katta natijalar kutilayotganini bildirishdi.

Suhbat davomida tomonlar oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, uning kelgusi bosqichlari haqida fikr almashishdi.

Text to speech