4 Noyabr 2022 1669

“Universal Jumping Agro” zamonaviy qiyofa ochmoqda

Poytaxtimizdagi muhtasham “Universal Jumping Agro” ot sporti klubining imkoniyatlarini yanada oshirish, uning barcha xalqaro talablarga javob berishini taʼminlash maqsadida majmuada qayta taʼmirlash ishlari ketmoqda. Prezidentimizning 2021-yil qabul qilingan «Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-5024 Qaror ijrosiga muvofiq olib borilayotgan jarayon xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan.

1-3-noyabr kunlari Xalqaro ot sporti federatsiyasi (FEI) nomidan tashrif buyurgan ekspert Sergey Buykevich majmuada olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida unga Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev, federatsiya bosh kotibi Nodirbek Ibragimov hamda terma jamoa bosh murabbiyi Bekzod Qurbonov hamrohlik qilishdi.

Qayd etish joiz, xalqaro ekspert kompleksda olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Shuningdek, u majmuaning Markaziy Osiyodagi eng yaxshi ot sporti klubi ekanini alohida taʼkidladi. Sergey Buykevich tashrif davomida kompleksning yanada qulay va shinam boʻlishi borasida oʻz taklif va tavsiyalarini berib oʻtdi.

Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi 2023-yil Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beradigan kvalifikatsion musobaqalardan birini ushbu arenada oʻtkazish uchun xalqaro federatsiyaga ariza topshirgan. Qurilish ishlari yakunlanganidan soʻng majmuadan 2025-yil Toshkentda oʻtadigan yoshlar Osiyo oʻyinlari doirasidagi ot sporti bahslarini oʻtkazishda ham foydalanish mumkin boʻladi.

Text to speech