4 Noyabr 2022 1200

Sport ta’limi va ilmini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda sportga yaratilayotgan sharoitlar tufayli aholi o‘rtasida bu harakat ommalashmoqda. Yoshlar jismoniy tarbiya bilan doimiy shug‘ullanib, ko‘plari buni kasb sifatida tanlamoqda. Professional sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda ulkan yutuqlarga erishmoqda.

Davlatimiz rahbari har doim sog‘lom turmush tarzi, yoshlar bandligi, olimpiya va paralimpiya harakati masalalariga alohida e’tibor qaratib keladi. Shu yil 23-may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sport ta’limini rivojlantirish, sohaga ilmiy yondashuvlarni tatbiq etish vazifasi qo‘yilgan edi.

Taqdimotda shu borada tayyorlangan reja-takliflar ko‘rib chiqildi. Ular uchta muhim yo‘nalishni qamrab olgan: birinchisi – O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Farg‘ona filiallarida ta’lim sifatini oshirish, ikkinchisi – sport ta’limi muassasalarida boshqaruv tizimini takomillashtirish, uchinchisi – sohada ilmiy tadqiqotlar tizimini yaxshilash.

Qayd etilishicha, 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab ta’lim dasturlari yetakchi xorijiy universitetlarning dasturiga ko‘ra shakllantiriladi. Barcha bakalavriat va magistratura yo‘nalishlariga oid malaka talablari qayta ko‘rib chiqiladi, o‘qituvchilar va bitiruvchilarning bilimi, mahorati va pedagogik ko‘nikmalarini baholovchi kompetensiyaviy sertifikatlash yo‘lga qo‘yiladi.

Bugungi kunda dolzarb bo‘lmagan 5 ta bakalavriat yo‘nalishi tugatilib, 2 ta magistratura mutaxassisligi tashkil etiladi. O‘quv va mashg‘ulotlar jarayoniga federatsiyalarning tajribali mutaxassislari hamda xorijiy ekspertlar jalb qilinadi.

Sport sohasida faxriy unvon va toifa darajasiga ega bo‘lgan, nufuzli xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan abituriyentlar kasbiy imtihonlarni topshirishdan ozod qilinadi. Talabalarni rag‘batlantirish uchun Pahlavon Mahmud nomidagi davlat stipendiyasi joriy etiladi. Iqtidorli bitiruvchilarga sport bo‘yicha hakam hamda ikkinchi toifali trener maqomi beriladi.

Ta’lim va ilm bog‘liqligini mustahkamlash uchun yagona kuzatuv kengashi tuzish rejalashtirilgan. Bu kengash sport muassasalarining boshqaruv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatini samarali tashkil qilishga bosh-qosh bo‘ladi. 

Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport universitetining ilmiy salohiyatini 45 foizgacha chiqarish, professor-o‘qituvchilarning faoliyati natijadorligini oshirish, yangi ishlanma va texnologiyalarni joriy etib, xalqaro reytinglarga kirish maqsadlari belgilanmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlari institutiga sport biomexanikasi, fiziologiyasi, farmakologiyasi va genetikasi bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, ilmiy-innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish va tijoratlashtirish, startap loyihalarni amalga oshirish kabi yangi vazifalar yuklatilmoqda.

Ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash va natijadorligini oshirish, yosh kadrlarni xorijiy o‘quv yurtlariga falsafa doktori (PhD) darajasini himoya qilish uchun yuborish ham nazarda tutilgan.

Ma’lumki, poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi barpo etilmoqda. Osiyo o‘yinlari o‘tganidan so‘ng, bu majmuaga Sportni rivojlantirish vazirligi, sport federatsiyalari hamda 2025-yilda faoliyat boshlaydigan O‘zbekiston davlat sport akademiyasi joylashtirilishi mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Manba: president.uz

Text to speech