Toshkent xalqaro seminar ishtirokchilarini qutlaydi
Maʼlum qilganimizdek, bugun poytaxtimizda Osiyo Olimpiya kengashining (OOK) “Murabbiylar va hakamlar faoliyatini rivojlantirish” loyihasi asosida xalqaro seminar boshlandi. Sportni rivojlantirish vazirligida loyihaning ochilish qismi boʻlib oʻtdi. Unda Vazirlik va MOQ rahbariyati, Osiyo Olimpiya kengashi mutasaddilari va xalqaro federatsiyalardan jalb etilgan ekspertlar ishtirok etishdi. Mamlakatimizga tashrif buyurgan murabbiy va hakamlar ZOOM platformasi orqali oʻzlari joylashgan mehmonxonadan ulanishdi.
Tadbirni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi. Dastavval soʻzga chiqqan Vazir Adham Ikramov mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar, yurtimizda jismoniy tarbiya va sportga qaratilayotgan eʼtibor xususida toʻxtalib, bu kabi tadbirlarning oʻtkazilishi terma jamoalarimizning xalqaro maydonda yanada yuqori natijalar koʻrsatishi yoʻlida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, OOK mutasaddilari va xalqaro ekspertlar tadbirning yuqori saviyada tashkil etilgani, seminar oʻtkazish uchun barcha sharoitlar yaratilganini alohida eʼtirof etishdi.
Eslatib oʻtamiz, seminar dzyudo, boks, ogʻir atletika, sport kurashlari va suzish boʻyicha murabbiy va hakamlar uchun tashkil etilgan boʻlib, poytaxtimizga 14 mamlakatdan 240 nafar mutaxassis tashrif buyurgan.