Sportni rivojlantirish vazirligi Hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishida ommaviy sport targ‘iboti, Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik mavzulari ko‘rib chiqildi
Bugun Sportni rivojlantirish vazirligi Hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Vazir Adham Ikramov boshchiligidagi Hay’at a’zolari, Vazir o‘rinbosarlari, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalarining mutasaddi rahbarlari, hududlardagi boshqarma boshliqlari, shuningdek, federatsiya va assotsiatsiyalarning mas’ullari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda kun tartibiga muvofiq, quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi:
Sport tadbirlarining 2023 yilga mo‘ljallangan taqvim rejasi loyihasini ko‘rib chiqish, nufuzli sport musobaqalariga tayyorgarlikni jadallashtirish;
Parij-2024 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish;
Tizim tashkilot va muassasalarida kadrlar salohiyatini oshirish, bu borada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, O‘zDJTSUning 2022/2023 o‘quv yili bitiruvchilarini ishga joylashtirish hamda ushbu yo‘nalishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammo va kamchiliklarni o‘rganish;
Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va sport maktablarini bosqichma-bosqich sport inventarlari bilan ta’minlash;
Sport ta’lim muassasalarida yangi tizim asosida sportchilarni tayyorlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar hamda yuzaga kelayotgan muammolar va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar;
“Besh tashabbus Olimpiadasi”ning 2-mavsum ommaviy sport musobaqalarini puxta va namunaviy o‘tkazish.
Tadbir avvalida Adham Ikramov Vazirlikning ortda qolgan 8 oydagi faoliyati haqida qisqacha to‘xtalib, davlatimiz rahbari belgilab bergan yo‘nalishlarda o‘zbek sporti taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish, aholi va yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida gapirdi. Shundan so‘ng kun tartibidan o‘rin olgan masalalar bo‘yicha mas’ullarning ma’ruzalari tinglanib, atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda Sportni rivojlantirish vaziri har bir federatsiyadan keyingi yil taqvimini puxta ishlab chiqish, hududlardagi sport maktablarining faoliyatini yanada takomillashtirish, u yerda ishlayotgan mutaxassislarni qayta sinovdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi.