Hamyurtlarimiz OOKning gender tenglik mavzusida o‘tkazilayotgan xalqaro seminarida ishtirok etishmoqda
Bugun Bahrayn poytaxti Manama shahrida Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) tomonidan qit’ada gender tenglikni ta’minlash mavzusidagi ikki kunlik xalqaro seminar boshlandi. Tadbirdan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining (XOQ) strategik yo‘l xaritasi, 2020+5 yilgi Olimpiya kun tartibiga muvofiq, Osiyo mamlakatlari sport hamjamiyatida gender tengligiga erishish, xususan, rahbarlik lavozimlaridagi ayollar o‘rnini kamida 30% ga yetkazish kabi masalalar ko‘zlangan.
Unda mamlakatimiz nomidan yurtimizda ayollar sportining faol targ‘ibotchilari, xususan, o‘zbek va jahon gimnastikasi afsonasi Oksana Chusovitina, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi bosh kotibi Kseniya Gulyamova, MOQ Xalqaro aloqalar departamenti bosh mutaxassisi Nargiza Xolmirzayeva ishtirok etishmoqda.
Tadbirni Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Baxning videomurojaati ochib berdi. Shundan so‘ng OOKning amaldagi rahbari Raja Randxir Singx, Bahrayn MOQ prezidenti Shayx Xolid bin Hamad Al Xalifa, OOK Ijroiya qo‘mitasi a’zosi, tashkilotning gender tenglik masalalari mas’uli Sheyxa Hayat bin Abdul Aziz Al Xalifa mavzu yuzasidan rasmiy nutq so‘zlashdi.
Qayd etish joiz, seminar kun tartibida Oksana Chusovitinaning chiqishi ham belgilangan bo‘lib, hamyurtimiz mavzuning dolzarb masalalari bo‘yicha ma’ruza qiladi.
Tadbirning birinchi kuni davom etmoqda. Uning batafsil tafsilotlari bilan kelgusi xabarlarda ma’lum qilamiz.