MOQ xodimlari va RSTIAM shifokorlari oʻzbek tilini madh etishdi
Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (RSTIAM) hamkorligida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 33 yilligiga bagʻishlangan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” nomli bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbek Milliy akademik drama teatrining dargʻalari, Oʻzbekiston xalq artistlari Erkin Komilov va Gavhar Zokirova, shuningdek, MOQ va RSTIAM xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirni Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov ochib berdi va mavzuning bugungi kundagi dolzarbligi, oʻzbek tilining jamiyatimizdagi oʻrnini yanada mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar xususida toʻxtalib oʻtdi. Shundan soʻng sanʼatimiz dargʻalari bobolarimizdan meros qolgan oʻzbek tilining vujudga kelishi, shakllanish bosqichlari, tilning inson hayotidagi oʻrni xususida gapirib berishdi.
RSTIAM shifokorlari ona tilimizni madh etuvchi sheʼrlar bilan tadbirni davom ettirishdi. Atoqli yozuvchi Usmon Azimning “Kunduzsiz kechalar” spektaklidan parcha, oʻzbek sporti yulduzlarining sheʼrlari jamlangan videorolik yigʻilganlar eʼtirofiga sazovor boʻldi. Tadbir “Nihol” mukofoti sovrindori Gulzoda Xudoynazarova va estradamizning taniqli vakili Shuhrat Daryoning kuy-qoʻshiqlari bilan davom etdi.