24 Oktyabr 2022 1556

Terma jamoalarning Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga olib borayotgan tayyorgarligi koʻrib chiqildi

Ayni paytda barcha terma jamoalarimiz yaqinlashib kelayotgan Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga katta tayyorgarlik olib bormoqda. Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasida mazkur holat qay daraja yoʻlga qoʻyilgani, shuningdek, 2023-yil taqvim rejasidan oʻrin olgan musobaqalar va ularning smetasini shakllantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Tadbirni Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov hamda MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov olib borishdi. Unda, shuningdek, Qoʻmita qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori Kamol Sirojitdinov, federatsiya va assotsiatsiyalar masʼullari ishtirok etishdi.

Dastavval, Shahrullo Sharipovich ortda qolayotgan yil yakunlari boʻyicha qisqacha toʻxtalib, 2022-yil oʻzbek sporti uchun tarixiy natijalarga boy boʻlgani, kelasi yil bundan ham yuqori yutuqlarga erishish uchun harakat qilinishini bildirdi. Yigʻilishda mutasaddi rahbarlar har bir federatsiya masʼullari bilan terma jamoalarning bugungi kundagi vaziyati, Osiyo oʻyinlariga jalb qilinayotgan tarkib, ularning tayyorgarlik rejasi, sportchilarning holati boʻyicha atroflicha fikr almashishdi.

Sherzod Tashmatov terma jamoalarning yanada yuqori natija koʻrsatishi, atletlarning jismoniy va funksional tayyorgarligini oshirish maqsadida kuchli xorijlik mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berib oʻtdi. Shuningdek, suhbat davomida ommaviy sport targʻibotini kuchaytirish, sportchilarning salomatligini nazoratga olish, muntazam ravishda ularni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib borish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatma berdi.

Yigʻilish kun tartibiga muvofiq, uchrashuv davomida yangi yil uchun taqvim rejalarni ishlab chiqish masalasi ham koʻrib chiqildi. Bunda har bir masʼuldan taqvimni puxta shakllantirish, yil davomida unga oʻzgartirish kiritilgan taqdirda vaqtida ogohlantirib borish, sport tadbirlarini oʻtkazish uchun ajratiladigan mablagʻlarni samarali yoʻnaltirish soʻraldi.

Text to speech