23 Oktyabr 2022 1542

Shahrullo Mahmudov va Sherzod Tashmatov Andijondagi sport muassasalarining faoliyati bilan tanishdi

Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisininig oʻrinbosari Sherzod Tashmatov Andijonga tashrifi davomida viloyatdagi sport muassasalarining faoliyatini oʻrganishdi. Mutasaddilar bunda zamonaviy qiyofa ochayotgan Andijon Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash markaziga eʼtibor qaratib, u yerda tahsil olayotgan oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, taʼlim jarayoni bilan tanishishdi.

Andijon boks, ogʻir atletika, chim ustida xokkey kabi sport turlaridagi oʻziga xos kuchli maktabi bilan tanilgan. Joriy yilning 23-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sport taʼlimini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning zaxirasini yaratish hamda murabbiylarni tayyorlash boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektorda davlatimiz rahbari bu haqida alohida toʻxtalib, masʼullarga tegishli topshiriq bergan edi.

Ayni paytda Markazda katta hajmdagi rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Sh.Mahmudov hamda Sh.Tashmatov jarayon bilan tanishar ekan, ish videoselektor yigʻilishida taʼkidlangan vazifalarga qanchalik mos ravishda olib borilayotganiga eʼtibor qaratishdi. Mutasaddilar oʻquvchi va murabbiylar bilan suhbatda ular duch kelayotgan muammolar, uning yechimlari boʻyicha fikr almashishdi. Shuningdek, Markazga olib kelinayotgan sport inventarlarining sifatini ham koʻzdan kechirishdi.

Shundan soʻng Andijondagi har bir federatsiya boʻlimlari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda viloyatda ommaviy sport targʻiboti, seleksiya ishlarini yanada kuchaytirish, terma jamoalarga kuchli zaxira sportchilarini tayyorlash boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Text to speech