17 Oktyabr 2022 1619

Jizzaxdagi sport taʼlim muassasalarining tibbiyot boʻlimlari holati oʻrganildi

Maʼlum qilganimizdek, Milliy Olimpiya qoʻmitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (RSTIAM) xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruh viloyatlar kesimida Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlaridagi tibbiyot boʻlimlari holatini oʻrganib chiqmoqda.

Ishchi guruh bu gal Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, viloyat Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining holati bilan tanishdi. Maʼlumki, ushbu muassasa joriy oʻquv yili oldidan qayta rekonstruksiya qilinib, zamonaviy qiyofa ochgan. Mutasaddilar tashrif davomida Markazning tibbiyot boʻlimi holati va u yerdagi mutaxassislarning ish faoliyati bilan tanishishdi. Ularga yangi taʼmirdan chiqqan tibbiyot boʻlimi faoliyatini tashkil etish borasida taklif va tavsiyalar berildi. Jizzax Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi rahbari Xurshid Atakulov RSTIAM bilan mazkur yoʻnalishda amaliy hamkorlik qilish istagini bildirdi.

Shundan soʻng, ishchi guruh Jizzax viloyati Bolalar va oʻsmirlar sport maktablari tibbiyot boʻlimi xodimlari bilan uchrashib, ish faoliyati davomida ularga qiyinchilik tugʻdirayotgan masalalar yuzasidan suhbat uyushtirdi. Oʻz navbatida, RSTIAM direktori Kamol Sirojitdinov ham viloyat sport tibbiyoti vakillari bilan yaqindan ish olib borish har taraflama foydali ekanligini aytib, Markaz bu yoʻnalishda mutaxassislarga amaliy-metodik yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

Text to speech