Tekbol maydonchasi jahon chempionati davomida sport ixlosmandlari bilan gavjum boʻldi
Toshkentda oʻtgan dzyudo boʻyicha jahon chempionati doirasida “Humo arena”ga tashrif buyurgan muxlislarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida arena maydoni boʻylab turli koʻngilochar oʻyinlar, sport maydonchalari tashkil etildi. Jumladan, yoshlarimiz orasida katta qiziqish uygʻotayotgan tekbol sporti uchun ajratilgan maydoncha musobaqa davomida sport ixlosmandlari bilan gavjum boʻldi.
Qayd etish joiz, mazkur sektorda rasmiylarining koʻrinish berishi koʻpchilikning diqqat-eʼtiborini tortdi. Unda Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Xalqaro dzyudo federatsiyasi Bosh direktori, Xalqaro kibersport federatsiyasi prezidenti Vlad Marinesku, MOQ Bosh kotibi, Oʻzbekiston tekbol federatsiyasi raisi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, MOQ raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov ishtirok etishdi. Mutasaddilar fursatdan foydalanib oʻz imkoniyatlarini ham sinovdan oʻtkazib koʻrdilar.
Tadbir davomida bir qator professional futbolchilar, jumladan, Kamoliddin Murzoyev, Shavkat Mullajonov, Temurxoʻja Abduxoliqov, Otabek Joʻraqoʻziyev muxlislar bilan tekbol oʻynashdi. Shak-shubha yoʻqki, bu kabi tadbirlarning tashkil etilishi, unda rasmiylar va professional atletlarning qatnashishi ommaviy sport targʻibotida muhim ahamiyat kasb etadi.