13 Oktyabr 2022 1627

Oʻzbekistonda para dzyudo boʻyicha nufuzli xalqaro musobaqalarni oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi

Toshkentda oʻtayotgan dzyudo boʻyicha jahon chempionati davomida koʻplab nufuzli sport tashkilotlari rahbarlari qatori IBSA koʻzi ojizlar dzyudo federatsiyasi sport direktori Yanosh Tardos ham poytaxtimizga tashrif buyurdi.

Bugun Osiyo Paralimpiya qoʻmitasi vitse-prezidenti – Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev IBSA koʻzi ojizlar dzyudo federatsiyasi sport direktori Yanosh Tardos bilan uchrashdi. Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov ham ishtirok etdi.

Samimiy kechgan suhbat davomida tomonlar oʻzaro hamkorlik masalalarini yaqindan muhokama qilishdi.

Jumladan, Muxtorxon Tashxodjayev IBSA tomonidan para dzyudo boʻyicha koʻplab ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilayotganini taʼkidlab, soʻnggi paytlarda Oʻzbekistonda ham koʻzi ojiz insonlar oʻrtasida para dzyudo sport turiga qiziquvchilar soni tobora ortib borayotganini bildirdi. Bundan tashqari, yurtimizda xalqaro toifadagi klassifikatorlarga ehtiyoj yuqori ekani bois, bu borada IBSA bilan hamkorlikda oʻzbekistonlik mutaxassislarni ham xalqaro toifadagi klassifikator sifatida tayyorlash boʻyicha taklif bildirdi. Mutasaddilar uchrashuv davomida Oʻzbekistonda para dzyudo boʻyicha nufuzli xalqaro musobaqalarni oʻtkazish masalasida ham fikr almashildi.

Oʻz navbatida Yanosh Tardos ham oʻzbekistonlik para dzyudochilar dunyoda kuchlilar qatorida eʼtirof etilishini aytib, ushbu yutuqlar mamlakatimizda yaratilgan ulkan imkoniyatlar natijasi ekanini bildirdi. U IBSA hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga va har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini maʼlum qildi.

Text to speech