9 Oktyabr 2022 1373

Dzyudo boʻyicha jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi

Bir necha daqiqa avval “Humo arena”da mamlakatimiz birinchi bor mezbonlik qilayotgan dzyudo boʻyicha jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov marosimning rasmiy mehmonlari sifatida ishtirok etishdi.

Qayd etish joiz, marosimga Xalqaro dzyudo federatsiyasining bayrogʻini 3 karra Olimpiya oʻyinlari sovrindori, 2 karra jahon chempioni Rishod Sobirov keltirdi. Jarayon maxsus videorolik orqali arena markaziga oʻrnatilgan monitorda namoyish etildi.

Marosimning rasmiy qismida Marius Vizer jahon chempionati munosabati bilan dzyudo oilasiga tabrik yoʻlladi. Shundan soʻng Abdulla Aripov nutq soʻzlab, musobaqa mehmonlarini qutladi va yurtimizda muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar haqida gapirib oʻtdi. Abdulla Nigmatovich musobaqani rasman ochiq deb eʼlon qilgach tadbir bayramona kuy-qoʻshiqlar bilan davom etdi.

Text to speech