Oybek Kasimov Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Sport direktorini qabul qildi
Toshkentda oʻtayotgan dzyudo boʻyicha jahon chempionatiga bir qator martabali mehmonlar tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik. Ular orasida Xalqaro Olimpiya qoʻmitasining Sport direktori Kit Makkonel ham boʻlib, bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov ushbu mutaxassis bilan hamkorlik aloqalarini yanada yuksaltirish mavzusida suhbat oʻtkazdi.
Dastavval Oybek Kasimov janob Makkonelga Qoʻmita tarixi va uning faoliyati, oʻzbek sportining yutuqlari haqida maʼlumot berdi. Shundan soʻng tomonlar bir qator mavzularda muzokara olib borishdi.
Kit Makkonel 2014-yildan XOQ Sport direktori sifatida samarali ishlab kelmoqda. Faoliyati davomida bir qator xalqaro federatsiyalarda yuqori menejerlik salohiyatini koʻrsatgan. Faxriy mehmon suhbat davomida oʻzbek sportining soʻnggi yillardagi yutuqlarini alohida eʼtirof etib, mamlakatimizda Olimpizm va uning pok gʻoyalari targʻibotini yanada kuchaytirishda hissa qoʻshishga tayyor ekanini bildirdi. Qolaversa, Kit Makkonel poytaxtimizda oʻtayotgan dzyudo boʻyicha jahon chempionatining yuqori saviyada tashkil etilayotganini alohida taʼkidladi.
Oʻz navbatida, MOQ Bosh kotibi muhtaram Prezidentimizning yurtimizda barcha yoʻnalishlar qatori sport sohasida olib borayotgan islohotlari, Olimpiya sport turlari rivojiga qaratayotgan eʼtibori haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, 2025-yil poytaxtimizda oʻtadigan yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlariga olib borilayotgan ulkan tayyorgarlik ishlari, yirik musobaqalarni qabul qilish orqali mamlakatimiz aholisi orasida sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirishga qaratilayotgan eʼtibor xususida ham toʻxtaldi.
Suhbat davomida tomonlar oʻzaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish borasida kelishib olishdi. Tashrif yakunida mehmonga Oʻzbekiston MOQning esdalik sovgʻasi topshirildi.