8 Oktyabr 2022 1442

Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Akbar Joʻrayevni tabriklaymiz!

Bugun ogʻir atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, Olimpiya oʻyinlari chempioni va rekordchisi Akbar Joʻrayev tavallud ayyomini nishonlamoqda.

Akbar Joʻrayev 1999-yil 8-oktyabr kuni Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida tugʻilgan. Sportchimiz xalqaro maydondagi ilk muvaffaqiyatiga 2018-yil erishdi. Oʻshanda Joʻrayev yoshlar oʻrtasida oʻtgan Osiyo chempionatida oltin, U20 jahon chempionatida esa kumush medalga ega chiqdi.

2019-yil yoshlar oʻrtasidagi JCH kumush medalini Fijida oltinga aylantirdi. Shuningdek, Pattayya (Tailand) mezbonlik qilgan kattalar oʻrtasidagi dunyo birinchiligida siltab koʻtarish mashqida ikkinchi, ikki kurash boʻyicha esa toʻrtinchi natijani qayd etdi.

2021-yil Akbar uchun muvaffaqiyatli oʻtdi. Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari hamda poytaxtimizda oʻtgan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatida -109 kg vazn toifasida oltin medallarni qoʻlga kiritdi. Joriy yil Turkiyaning Konya shahri mezbonlik qilgan Islom birdamligi oʻyinlarida ham chempionlik yurishini davom ettirdi. Polvonimiz ushbu muvaffaqiyatlari evaziga Prezidentimiz tomonidan “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Akbar Joʻrayevni tavallud ayyomi bilan tabriklab, unga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.

Text to speech