2 Oktyabr 2022 1584

“Toshkent yoʻlbarsi” Rufat Risqiyev 73 yoshda!

Oʻzbek va jahon boksining afsonalaridan biri, “Toshkent yoʻlbarsi” nomi bilan dong taratgan Rufat Risqiyev bugun 73 yoshga toʻldi.

Rufat Asadovich Risqiyev 1949-yil 2-oktyabr kuni Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon shahrida tavallud topgan. 1974-yilgi jahon chempionatida zafar quchib, dunyo birinchiligida gʻalaba qozongan ilk oʻzbek bokschisi boʻlib tarixda qoldi. Shuningdek, Rufat Asadovich 1976-yilgi Olimpiya oʻyinlari finalchisi hisoblanadi. 2019-yildan eʼtiboran boks boʻyicha Oʻzbekiston chempionatining eng yaxshi ishtirokchisiga Rufat Risqiyev sovrinini topshirish joriy etildi.

Rufat Asadovich oʻzbek boksiga tamal toshini qoʻygan insonlardan biri. Bokschilarimizning hozirgi muvaffaqiyatlarida ham ushbu mutaxassisning xizmati beqiyosdir. Rufat Risqiyevning koʻp yillik mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan boʻlib, 2020-yil Prezidentimiz tomonidan taqdim etilgan “Doʻstlik” ordeni u kishining shaxsiy mukofot va sovrinlar kolleksiyasini yana bittaga boyitgan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Rufat Risqiyevni bugungi tavallud ayyomi bilan tabriklab, u kishiga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.

Text to speech