30 Sentyabr 2022 1288

Matbuot anjumanida jahon chempionatida qatnashadigan tarkib muhokama markazida bo‘ldi

Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida dzyudo bo‘yicha 6-13 oktyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ommaviy axborot vositalari xodimlari terma jamoamizning bo‘lajak musobaqada ishtirok etadigan tarkibi, sportchilarimizning jismoniy va ruhiy holati kabi mavzularda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Tadbirda MOQ raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi bosh kotibi Ulug‘bek Kabulov, federatsiya raisi o‘rinbosari Shokir Mo‘minov, 3 karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori Rishod Sobirov hamda terma jamoalar menejeri Eldor Qahhorov spiker sifatida ishtirok etishdi.

E’lon qilingan tarkib ko‘plab muxlis va mutaxassislar o‘rtasida muhokama bo‘lmoqda. Bu borada Azizjon Kamilov batafsil to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, terma jamoa murabbiylar shtabi hamda shifokorlar sportchilarning holatidan kelib chiqqan holda yakuniy ro‘yxatni e’lon qilgan. Shuningdek, u dzyudochilarimiz har bir bellashuvda bor imkoniyatlarini ishga solishlarini, medallar uchun maksimal darajada harakat qilinishini qo‘shimcha qildi va bu borada terma jamoaga jalb qilingan Ilias Iliadis, Marko Shpitka kabi xorijiy mutaxassislar astoydil ish olib borayotganini bildirdi.

Xalqaro maydonda ulkan tajribaga ega Rishod Sobirov o‘z uyimizda o‘tadigan bunday musoba dzyudochilarga ruhan dalda berishini, bugungi kunda sportga har qachongidan ham katta e’tibor qaratilayotganini aytib o‘tdi. Shuningdek, anjumanda qatnashgan boshqa mutasaddilar ham musobaqaga tayyorgarlik, transport-logistika tizimi, mehmonlar uchun yaratiladigan sharoitlar, translyatsiya yo‘nalishlarida batafsil ma’lumot berishdi.

Anjuman yakunida Azizjon Kamilov davlatimizning terma jamoamiz tayyorgarligi, jahon chempionatini o‘tkazish bo‘yicha har tomonlama yordam berib kelganini alohida ta’kidlab, uni yuqori saviyada o‘tkazish uchun bor imkoniyatlar safarbar qilinishini aytib o‘tdi.

Text to speech