26 Sentyabr 2022 1055

Oʻzbekiston karate WKF federatsiyasining istiqbolli rejalari muhokama qilindi

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston karate WKF federatsiyasi rahbariyatining uchrashuvi oʻtkazilib, unda oldinda turgan rejalar boʻyicha fikr almashildi. Yigʻilishda federatsiya raisi Rashid Talipov oʻzbek karatesi rivojini yangi bosqichga olib chiqish yoʻlida birlashish, oldinda turgan musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish lozimligini taʼkidladi.

Shundan soʻng joriy yilning 29-sentyabr – 2-oktyabr kunlari Chirchiq shahrida oʻtadigan kattalar oʻrtasidagi Oʻzbekiston kubogiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Unda har bir hududdan sportchi va hakamlarning ishtirokini taʼminlash, ular uchun barcha qulayliklarni yaratish boʻyicha alohida koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, mutasaddilar tomonidan kelgusida hududlardagi hakamlarning malakasini oshirish boʻyicha seminarlar tashkil qilish, seleksiya ishlariga ahamiyat qaratish xususida takliflar ilgari surildi. Yigʻilish davomida dekabr oyida Toshkentda oʻtadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik masalalari ham koʻrib chiqildi. Yakunda har bir mutaxassisga oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashgan holda yuklatilgan vazifalarni bajarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Text to speech