23 Sentyabr 2022 2578

Oʻzbekiston karate WKF federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Bugun Sportni rivojlantirish vazirligida Oʻzbekiston karate WKF federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Adham Ikramov boshchiligidagi Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddilari, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, federatsiya xodimlari va terma jamoa aʼzolari, hududiy vakillar (ZOOM platformasi orqali), faxriylar ishtirok etishdi. Konferensiya kun tartibidan federatsiyaga yangi rais saylash, uning rahbariyati va Ijroiya qoʻmitasi tarkibini qaytadan shakllantirib olish kabi masalalar oʻrin oldi.

Tadbir avvalida soʻzga chiqqan A.Ikramov karatening mazkur yoʻnalishi oʻzbekistonlik yoshlarning sevimli sport turlaridan biri ekanligi, ayniqsa chekka hududlarda unga qiziquvchilar koʻpchilikni tashkil etishi, oʻz navbatida, ushbu sport turi mamlakatimizda ancha rivojlangani hamda terma jamoamiz aʼzolari xalqaro maydonlarda vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelishayotganini alohida eʼtirof etdi.

Konferensiya kun tartibidan oʻrin olgan masalalar bir ovozdan tasdiqlangach asosiy jarayonga oʻtildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari kotibiyati masʼul xodimi, bungacha sport sohasida turli lavozimlarda samarali faoliyat olib borgan Rashid Azatovich Talipov nomzodi federatsiya raisi lavozimiga taklif etildi va konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi. Shu tariqa Rashid Talipov Oʻzbekiston karate WKF federatsiyasi raisi etib saylandi. Shu paytgacha federatsiya rahbari sifatida faoliyat olib borgan Alam Mullayev, shuningdek, Baxtiyor Nigmatullayev, Anvar Muhamedov, Saparmurod Djiyemurotov, Ilhom Mamadaliyev, Burxon Rahmonov hamda Dilnoza Bakirova rais oʻrinbosari, bungacha federatsiya Ijrochi direktori lavozimida ishlagan Farruh Tashkentbayev federatsiya Bosh kotibi etib saylandi. Shuningdek, tadbir davomida Ijroiya qoʻmitasi aʼzolari ham shakllantirilib, tashkilotning yangi tahrirdagi nizomi tasdiqlandi.

Yigʻilishda soʻzga chiqqan Rashid Talipov yuksak ishonch uchun minnatdorlik bildirgan holda, yurtimizda karate sportini rivojlantirish yoʻlida astoydil xizmat qilishini taʼkidladi. Shu bilan birga, oldinda turgan yirik musobaqalar, jumladan, joriy yil dekabr oyida Toshkent shahrida oʻtkaziladigan kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempionatini yuksak saviyada tashkil etishda barchani hamjihat boʻlishga chaqirdi.

Shu tariqa, Oʻzbekiston karate WKF federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi oʻz ishini yakunladi.

Text to speech