22 Sentyabr 2022 1413

Shahrullo Mahmudov Samarqanddagi xalqaro musobaqalarga koʻrilayotgan tayyorgarlik bilan tanishdi

Ochiq havzada suzish boʻyicha Osiyo chempionati doirasida Samarqandda boʻlib turgan Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov safar davomida viloyatdagi bir qator sport obyektlarining holati, xususan, 24-25-sentyabr kunlari ushbu shaharda oʻtadigan yengil atletika boʻyicha Markaziy Osiyo ochiq chempionatiga koʻrilayotgan tayyorgarlikni koʻzdan kechirdi. Ushbu musobaqada hamyurtlarimizdan tashqari Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston, shuningdek, taklif boʻyicha Tailand va Malayziya kabi davlatlardan 200 nafarga yaqin sportchi qatnashadi.

“Afrosiyob” stadionida ayni paytda soʻnggi tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi raisining oʻrinbosari Andrey Abduvaliyev arenaga tashrif buyurgan Shahrullo Sharipovichga musobaqaga koʻrilayotgan tayyorgarlik, mehmonlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berdi.

8-9-oktyabr kunlari koʻhna Samarqand triatlon boʻyicha yosh toifalari boʻyicha Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi. Vazir oʻrinbosari safar davomida Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi mutasaddilari bilan mazkur musobaqaga olib borilayotgan tayyorgarlik jarayoni bilan ham tanishdi.

Text to speech