V Islom birdamligi oʻyinlarida birinchi boʻlgan dzyudochilarimiz taqdirlanishdi
Joriy yilning avgust oyida Turkiyaning Konya shahri mezbonlik qilgan V Islom birdamligi oʻyinlarida munosib tarzda qatnashgan dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi jami 13 ta medal bilan 50 dan ortiq davlat orasida umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egallagan edi. Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrayotgan jamoamizning xorijiy yigʻini yakunlangach, Konya-2021 qahramonlari taqdirlanishdi.
Tadbirda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov ishtirok etib, sportchilarimizni qoʻlga kiritilgan muvaffaqiyat bilan qutladilar va yaqinlashib kelayotgan poytaxtimiz mezbonligidagi dunyo birinchiligida barchalariga omad tilashdi. Ahamiyatlisi, federatsiya nafaqat sportchilar, balki ularni bahslarga har tomonlama yuqori darajada tayyorlagan murabbiy va shifokorlarga eʼtibor koʻrsatib, ularni ham taqdirladi.
Eslatib oʻtamiz, Konyada oʻtgan Islom birdamligi oʻyinlarida dzyudochilarimiz 6 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medallarini qoʻlga kiritishgan edi.