RSTIAM mutasaddilari viloyatlarda oʻrganish ishlarini olib borishmoqda
MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (RSTIAM) hududlardagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida sportchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish ishlarini oʻrganish boʻyicha ish boshladi. Markaz direktori Kamol Sirojitdinov boshchiligidagi ishchi guruh dastlab Andijon viloyatida boʻldi.
Andijon davlat tibbiyot institutiga (ADTI) tashrif chogʻida ushbu muassasa bilan sport tibbiyoti taʼlimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Suhbatda RSTIAM va ADTI oʻrtasida ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, sport tibbiyoti sohasida ilmiy-innovatsion yondashuvlarni yaratish yuzasidan yaqindan hamkorlik qilish boʻyicha memorandum imzolash kelishuviga erishildi.
Shundan soʻng mutasaddilar viloyatdagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda Bolalar va oʻsmirlar sport maktablarining tibbiyot xodimlari, talabalar va oʻqituvchilar ishtirokidagi yigʻilishda qatnashdilar. Unda RSTIAM sport tibbiyotini rivojlantirish va talabalarning ayni shu sohada kuchli taʼlim olishiga yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Kun davomida RSTIAM vakillari Andijon shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida boʻlib, u yerdagi qurilish ishlari hamda tibbiyot boʻlimi uchun ajratilgan joy bilan tanishishdi hamda uning faoliyatini takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirishdi. Ishchi guruhning kelgusi tashrifi Fargʻona va Namangan viloyatlariga rejalashtirilgan.